Koreya Respublikasi ekspertlari bilan uchrashuv

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Koreyaning Xalqaro iqtisodiy siyosat instituti (KIEP) tadqiqotchilari Chorong Kim va Min Sung Kim bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Ma`lumot o`rnida aytib o`tish muhimki, KIEP 1989 yilda tashkil etilgan davlatga qarashli  iqtisodiyot sohasidagi yetakchi tadqiqot instituti hisoblanadi. KIEPning asosiy vazifasi - jahon iqtisodiyotidagi dolzarb masalalar bo'yicha Koreya hukumatiga axborot-tahliliy yordam ko`rsatish va qarorolar qabul qilishda ko`maklashishdir. 2018 yil oxirida KIEP dunyodagi eng yaxshi “analitika markazlari” reytingida 33-o'rinni, Osiyoda esa uchinchi o'rinni egalladi.

Suhbat mobaynida tomonlar O'zbekiston va Koreya Respublikasi munosabatlarining hozirgi holati va istiqboliga oid masalalar bo`yicha o'zaro fikr almashdilar. Munozara savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar sohalarda qo'shimcha imkoniyatlarni aniqlashga va bu  yo`nalishlarda ikki tomonlama ko'rsatkichlarni yaxshilashga qaratildi.

Shu jumladan, ikki mamlakatning analitika markazlari o'rtasida hamkorlikni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratildi. KIEP delegatsiyasi SMTI bilan birgalikda qo`shma ilmiy-tadqiqot tadbirlarini tashkil etishga qiziqish bildirdi. Koreya ekspertlari O'zbekiston va Koreya Respublikasi o'rtasida strategik hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan yangi takliflarni ishlab chiqish uchun ekspert jamoalari o'rtasida muloqot o'rnatish muhimligini ta'kidladilar.