Yaponiya elchixonasining maslahatchisi bilan uchrashuv

SMTIda Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi maslahatchisi Atsushi Suda bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Suhbat davomida O'zbekiston va Yaponiya o'rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning bugungi tendensiyalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Atsushi Suda O'zbekiston rahbariyati qisqa vaqtda barcha qo’shni davlatlar bilan munosabatlarni qayta tiklash va ushbu strategik muhim mintaqada mutlaqo yangi muloqot muhitini yaratishga muvaffaq bo'lganini ta'kidladi. Diplomat shuningdek, Markaziy Osiyoda yuz berayotgan tub o’zgarish va yangilanishlar Tokio manfaatlariga to'la mos kelishini aytib o'tdi.

Uning aytishicha, Yaponiya Markaziy Osiyoda barqarorlikni saqlab qolish va har tomonlama rivojlanish yo'lni davom ettirishga sodiqligini bir necha bor ta'kidlagan. Bu, diplomatning ta’kidicha, “kun chiqar mamlakat”ning mintaqaviy siyosatida muhim yo’nalishlardan biri hisoblanadi.

Uchrashuvda tomonlar O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada muvaffaqiyatli realizatsiya qilish uchun o’zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish, keng ko’lamli masalalar bo’yicha tajriba almashishni kuchaytirish, shu jumladan Yaponiyaning ilg’or texnologiyalarini jalb etishga alohida e’tibor qaratdilar.

Muloqot so’ngida O’zbekiston va Yaponiya tahlil markazlari o'rtasida hamkorlikni faollashtirish zarurligi ta'kidlandi.