Parlamentning yuqori palatasi a’zolari “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ma’qulladilar

Parlamentning yuqori palatasi a’zolari “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonun Davlat statistikasi qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 5-fevraldagi Farmonini ijro etish maqsadida ishlab chiqilganligi ta’kidlandi.

So‘zga chiqqanlar Qonunning maqsadi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligini qayd etdilar. Aholini ro‘yxatga olish - bu O‘zbekiston Respublikasining aholisi to‘g‘risida ishonchli va xolis axborot yig‘ishdir. Aholini ro‘yxatga olishning asosiy printsiplari quyidagilardan iborat: davriylik; umumiylik va bir paytdalik; ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi (nomma-nomligi); shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi; aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.

Qonunda aholini ro‘yxatga olishning quyidagi asosiy vazifalari belgilanmoqda: oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir ma’lumotlar bazasini kengaytirish; aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash; aholini ro‘yxatga olishlar oralig‘idagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish; ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.

Aholini ro‘yxatga olish sohasini davlat tomonidan tartibga solish Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi - O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ularning bu sohadagi vakolatlari ochib beriladi.

Shu bilan birga, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining aholini ro‘yxatga olishdagi ishtiroki nazarda tutilmoqda, shuningdek respondentlar va ro‘yxatga oluvchi xodimlarning huquq hamda majburiyatlari ochib berilmoqda.

Senatorlar ta’kidlaganidek, Qonun qabul qilinishi xalqaro standartlarga javob beradigan, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tizimli va kompleks tartibga soladigan moslashuvchan va ochiq-oshkora huquqiy doiralarni yaratishni davom ettirishga hamda bir qator dolzarb vazifalarni bajarishga ko‘maklashadi. Jumladan, aholi tarkibida yuz bergan global o‘zgarishlarni baholash, demografik siyosatni, odamlar salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar holatini yaxshilash, shuningdek Barqaror taraqqiyot milliy maqsadlarini shakllantirish va monitoring qilish kabi vazifalarni bajarish ta’minlanadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Manba