Prezident: zamonaviy shifoxonalar qurish qiyin, ulardan unumli foydalanish esa undan ham mushkul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-may kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilayotgan ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona qurilishi bilan tanishdi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyoga tarqalib, insonlar hayotiga katta xavf tug‘dirmoqda. Mamlakatimizda o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar, xalqimizning chuqur tushunishi va sabr-toqati bilan bu ofat jilovlanib, ommaviy yoyilib ketishining oldi olinyapti. Qisqa fursatlarda davolash-profilaktika muassasalari va karantin zonalari qurilgani bunda muhim omil bo‘ldi.

Zangiota tumanidagi maxsus shifoxona loyihasining umumiy qiymati 504 milliard so‘m bo‘lib, 33 gektarda 2 ta kompleks qurilmoqda. Bunda yuqumli kasalliklar xususiyati va zamonaviy tibbiyot talablari inobatga olingan.

Xususan, statsionar joylarning hammasi bokslangan, har bir xona avtonom. Biridagi havo boshqasiga o‘tmaydi. Ularga kirib-chiqish ham, xizmat ko‘rsatish ham alohida.  Kasallar kelgach, qabul bo‘limidan tambur orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z palatasiga joylashtiriladi.

Barcha korpuslar, bo‘linmalar toza va notoza yo‘laklar bilan ajratilgan. Toza yo‘lakdan faqat tibbiy personal o‘z vazifasini bajarish uchun foydalanadi. Shifokorlar harakatlanish chog‘ida sanitar o‘tkazgichlar orqali o‘tadi. Bu barchaning – tashxisi noaniq bo‘lganlar, vrachlar va boshqa xizmatchilarning xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari kasalxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mutasaddilar bilan suhbatda undan oqilona foydalanish, tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish muhimligini ta’kidladi.

- Bunday zamonaviy shifoxonani qurish sermashaqqat, undan samarali foydalanish esa undan ham qiyin. Shuning uchun bu yerga vrach emas, tashkilotchi odam rahbar bo‘lishi kerak. Xodimlarning maoshi bonus tizimida bo‘lishi zarur. Natija yaxshi bo‘lsa, yaxshi daromad olishsin, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muassasa 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan. Lekin 4 ming o‘ringacha transformatsiya qilish imkoniyati bor.

Davlatimiz rahbari qabul bo‘limi, karantin zonasi, laboratoriya va muolaja xonalari, sanitar-yuvinish joylarini sinchiklab ko‘zdan kechirdi.

Videoaloqa orqali Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi shifokorlar bilan muloqot bo‘ldi. Telemeditsina bo‘yicha kompleks tizim yaratish, tumanlardan viloyat kasalxonalariga, undan respublika markazlariga bog‘lanish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish, shu bilan birga, tibbiyot xodimlarini bu bo‘yicha o‘qitib, tajriba almashuvni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

72 o‘rinli reanimatsiya bo‘limida har bir koyka sun’iy o‘pka ventilyatsiyasi va davolash apparatlari bilan jihozlangan. Bu bo‘limni kardiologiya, nevrologiya, pediatriya kabi turli yo‘nalishlar bo‘yicha jihozlash ham mumkin.

Jarrohlik zallariga havo tepadan beriladi va yon tomonlardan so‘riladi. Natijada doimiy sterillik ta’minlanadi.

Prezidentimiz mazkur muassasada ish boshlaydigan tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashdi.

- Mana shunday yangi shifo maskanlari qurib, xususiy tibbiyotni ham rivojlantirib, raqobatli meditsina yaratyapmiz. Endi shunga munosib zamonaviy vrach va hamshiralar kerak. O‘z ustingizda tinimsiz ishlab, jahondagi yutuqlarni o‘rganib, xalqimizga xizmat qilishingiz lozim, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Laboratoriyada virusologiya, biokimyo va immunologiya, mikrobiologiya, parazitologiya bo‘yicha eng ilg‘or apparatlar o‘rnatilgan. Masalan, amaldagi polimer zanjirli reaksiya uskunasi 5 soatda o‘rtacha 40 kishiga tashxis qo‘ysa, bu yerdagi zamonaviy jihozlar 2 soatda 90 ta namunani aniqlash imkoniyatiga ega. Ko‘rpa-to‘shak va matolar yuvilib, boshqa buyumlar bug‘  yordamida dezinfeksiya qilinadi.

Shu yerda viloyat va respublika tibbiyot muassasalari qamrovi hamda hamkorligi haqida taqdimot o‘tkazildi.

- Ko‘p shifoxonalar, diagnostika markazlari tarqoq joylashgan. Tashxis qo‘yish va davolash sifati talabga javob bermaydi. Mablag‘ esa sarflanib yotibdi. Davlatning bir so‘mi ham xalqimizga nima manfaat beryapti, degan savol har bir ishda mezon bo‘lishi kerak, - dedi Prezident.

Manba