Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi to‘g‘risidagi maʼlumotlar BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi maʼlumotlar BMTning oltita tilida nashr etildi va Bosh Assambleyaning 74-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi maʼlumotlariga ko‘ra, hujjatda so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik va institutsional bazani mustahkamlash, ushbu sohada xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy qilish va majburiyatlarni bajarish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani, shuningdek, ushbu yo‘nalishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik faollashtirilayotgani alohida taʼkidlanadi.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatga, shu jumladan BMTning 6 ta asosiy shartnomasiga va 4 ta ixtiyoriy protokoliga qo‘shilgan. Inson huquqlari bo‘yicha kengash va BMTning shartnoma qo‘mitalariga ushbu hujjatlar ijrosi bo‘yicha doimiy ravishda milliy maʼruzalarni taqdim etmoqda.

BMT tomonidan tarqatilgan hujjatga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22- iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan. Uni ishlab chiqishda xalqaro tashkilotlar, shu jumladan tashkilot ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalari inobatga olingan. Ushbu hujjat inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilishning dolzarb masalalarini har tomonlama o‘rganish, amaldagi qonun hujjatlari, huquqni qo‘llash amaliyoti va yaxshi xorijiy amaliyot tahlili, shuningdek, keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijalari asosida ishlab chiqilganiga eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlanganidek, Prezident farmon bilan, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga doimiy monitoring o‘tkazish, tegishli vazirlik va idoralarga Milliy strategiya va «Yo‘l xaritasi»ni sifatli hamda o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berish vazifasi yuklatildi.

Манба