AQSh elchisi bilan uchrashuv

SMTIda AQShning O'zbekistondagi yangi elchisi D.Rosenblum bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuvda O’zbekiston va AQSh o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

Suhbat chog'ida D.Rosenblum O'zbekistonning qo'shni mamlakatlar bilan yaxshi va do’stona munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan pragmatik va konstruktiv tashqi siyosatini yuksak baholadi. Elchining fikriga ko’ra, mintaqaviy hamkorlikni faollashishi va buning natijasida Markaziy Osiyoda yuz berayotgan ijobiy o’zgarishlar xalqaro hamjamiyat e'tiborini tortmoqda.

Shu bilan birga D.Rosenblum O'zbekistonning Afg'onistondagi infratuzilma loyihalarni amalga oshirishdagi ulkan hissasini alohida e’tirof etdi. Xususan, u elektr uzatish liniyalari va temir yo'llarning qurilishi Afg'onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashda ishtirok etayotgan barcha tomonlarga shubhasiz foyda keltirishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuvda shuningdek, O'zbekiston va AQSh o'zaro manfaat va hurmat asosida qurilgan keng va ko'p qirrali munosabatlarni o'rnatishda katta muvaffaqiyatlarga erishganligi ta’kidlandi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda munosabatlarni yanada kengaytirishdan ikki tomon manfaatdor ekanligi qayd etildi.

Suhbat yakunida tomonlar ikki mamlakat ilmiy markazlari o'rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Amerikalik diplomat O'zbekiston va AQShning tadqiqot institutlari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.