SMTI ekspertlari xalqaro forumda ishtirok etishdi

Joriy yilning 17 may kuni Institut direktor o‘rinbosari Sh.Nurullayeva, bo‘lim boshlig‘i A.Yusupov va bosh ilmiy xodim A.Ayubjonov Toshkent shahrida tashkil qilingan “O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlar uchun xalqaro reyting va indekslarning roli” mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etdilar.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlarini yaxshilash orqali mamlakatning tashqi imijini mustahkamlash, shuningdek davlat organlari va jamoatchilikni bu kabi indekslar yordamida islohotlar muhimligi haqida xabardor qilish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Anjumanda vazirlik va idoralar, moliya tashkilotlari, tijorat korxonalari va NNT, shuningdek xalqaro moliya institut, investitsion banklar va reyting agentliklari hamda mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ekspertlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy, ijtimoiy va institutsional islohotlarni chuqurlashtirishda xalqaro reyting va indekslar muhim rol o‘ynashini ta’kidladilar. Qayd etildiki, O‘zbekiston ilk marta «BB-» barqaror ko‘rsatkichli suveren kredit reytingiga ega bo‘ldi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) kredit risklar tasniflash tizimida 6-guruhdan 5-ko‘tarildi. Anjuman ishtirokchilari o‘z ma’ruzalarida hukumat va xususiy sektorning ushbu yo‘nalishdagi muhim strategik vazifalari va agentlikning ushbu jarayonni muvofiqlashtirishda roli haqida so‘z yuritdilar.

Xalqaro forumda SMTI vakili A.Yusupov “O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini ta’minlash” mavzusida ma’ruza qildi. Bunda davlat boshqaruvi samaradorligini ta’minlash nazariy-metodologik asoslarga ega bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Buning uchun davlat boshqaruvi tizimida avvalo zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash talab etiladi.