Davlat rahbari yangi massiv qurilishini borib ko‘rdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Farg‘ona shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishini borib ko‘rgan edi. Viloyatga bu galgi tashrif chog‘ida ishlarning borishi yana bir bor ko‘zdan kechirildi.

Bugungi kunda 300 gektarli ulkan maydonda jadal qurilish ketmoqda. Bu yerda 65 mingdan ziyod aholiga mo‘ljallangan 298 ta ko‘p qavatli uy bunyod etiladi. Aholi zich yashaydigan shahar va viloyat uchun bu muhim ijtimoiy ahamiyatga ega.

Bu yil massivda 73 ta uy barpo etilmoqda. Ularning dastlabkilari foydalanishga topshirilib bo‘ldi.

Shuningdek, hududda maktablar, maktabgacha ta’lim va tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, sport majmuasi bo‘ladi. 50 gektarda tashkil etiladigan kichik sanoat zonasi aholini ish bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Massiv o‘ziga xos ekoshahar bo‘ladi - 70 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” va sun’iy ko‘l barpo qilinadi. Bo‘sh maydonlarga ham daraxtlar ekiladi. Sun’iy ko‘l atrofida so‘lim xiyobon tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari massivdagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarga investorlarni jalb etish, xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Farg‘ona viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Manba