Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida AXBOROT

ИНФОРМАЦИОННОЕ СООБЩЕНИЕ  о пятом пленарном заседании Сената Олий Мажлиса  Республики Узбекистан

2020-yil 19-iyun kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan yalpi majlisda hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Senat aʼzolari tomonidan 16 ta masala, shu jumladan, 9 ta qonun koʻrib chiqilgan yalpi majlis ishi parlament yuqori palatasining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali hamda “Uzreport” telekanalida toʻgʻridan-toʻgʻri jonli efirda namoyish etildi.

Dastavval “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, hozirgi vaqtda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish, yangi ishlanmalarni rivojlantirish, ularning ijobiy samaraga erishishi orqali iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani innovatsion rivojlantirish, innovatsiya va innovatsion faoliyat sohasidagi tushunchalarni tartibga soluvchi yagona qonun hujjati mavjud emas edi.

Mazkur hujjat “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonunning mantiqiy davomi boʻlib, ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy bogʻliqligini taʼminlaydi. Jumladan, innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni yaratish hamda qoʻllash uchun qulay muhitni shakllantirish, innovatsiyalarni joriy etishdan manfaatdorlikning tashkiliy-huquqiy tizimini takomillashtirish, innovatsion infratuzilmani rivojlantirish hamda innovatsion tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali innovatsion faoliyat sohasi rivojlantiriladi.

Qonunda innovatsiya va innovatsion faoliyat sohasidagi huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy munosabatlar tartibga solinadi. Xususan, bugungi kunda bor salohiyatini namoyon etish, yangi gʻoya va ishlanmalari bilan jamiyat rivojiga hissa qoʻshish niyatida boʻlgan, baʼzan oʻz ishlanmalarini ishlab chiqarishga tatbiq etishda qiynalayotgan jismoniy va yuridik shaxslar, jumladan, olimlar, tadbirkorlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ayniqsa, shijoatli yoshlar uchun huquqiy asos boʻladi.

Qonunda innovatsiya va innovatsion faoliyatga oid asosiy tushunchalar, innovatsion faoliyatning prinsiplari va uni davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, innovatsion faoliyatga investitsiyalarni jalb etishga koʻmaklashish, bu borada davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanishi ham bayon etilgan.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun ham koʻrib chiqildi.

Qonun energetika tarmoqlarida hosil qilinayotgan elektr va issiqlik energiyasi, yoqilgʻi va boshqa noanʼanaviy energiya resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohada yana-da oqilona va samarali foydalanish, qolaversa, energiya resurslari isteʼmolining samaradorligi va zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish xizmatlarini koʻrsatishning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadlarini oʻzida aks ettirgan.

Shu bilan birga, Qonunda energiya samaradorligi koʻrsatkichlariga tovarlarning muvofiqligi boʻyicha majburiy sertifikatlanishi toʻgʻrisidagi norma belgilanmoqda. Bunda mutasaddilarga energiya samaradorligini oshirish va yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash koʻrsatkichlarini aniqlash metodikasini hamda maqsadli koʻrsatkichlarini tasdiqlash, energiyadan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yuzasidan qonunchilik talablariga rioya etilishi boʻyicha davlat nazorati tartibini belgilash vazifalari yuklatilmoqda.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi energiya resurslari xarajatlarini optimallashtirish, energiya resurslari isteʼmoli samaradorligining tizimli monitoringini yuritish hamda aholining real daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.

Senat aʼzolari ushbu Qonunni maʼqulladi.

Soʻngra “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda ov qilish va ovchilik xoʻjaligi sohasidagi munosabatlar huquqiy jihatdan 10 dan ortiq qonunosti hujjat bilan tartibga solinadi.

Bu, oʻz navbatida, huquqni qoʻllash amaliyotida turli qarama-qarshilik va talqinlar, murakkabliklarni keltirib chiqarmoqda. Boz ustiga, sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, yovvoyi hayvonlar holati ustidan davlat monitoringini olib borishning samarali tizimi mavjud emasligi hamda ovchilar va ovchilik xoʻjaliklarining huquq va majburiyatlari qonun hujjatlarida aniq belgilanmaganligi ovlanadigan hayvon resurslarining holatini aniqlashga toʻsqinlik qilmoqda. Bu esa jonivorlar populyatsiyasi davlat monitoringi tizimining rivojlanishiga, mamlakatimizda ovlanadigan hayvon turlarining soni va ovlanish hajmlarini, ularning reproduktiv holatini oʻrganishga xalal bermoqda.

Yana bir jihat, mamlakatimizda ov turizmi imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish, xususan, xorijiy sayyohlarni ovchilik sohasiga jalb etish orqali davlat byudjetiga valyuta tushumlarini oshirish, ov hayvonlarini yetishtirish, tiklash va koʻpaytirish orqali esa sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish imkoniyati yuzaga keladi.

Mazkur “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunda esa ushbu masalalarning huquqiy yechimlari oʻz aksini topgan. Yaʼni Qonunda moddalarning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishiga eʼtibor qaratilgan. Jumladan, ov qilish va ovchilik xoʻjaligi sohasidagi davlat ciyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilangan. Yovvoyi hayvonlarning soni hamda tutilgan yovvoyi hayvonlarni hisobga olish kimlar tomonidan amalga oshirilishi qayd etilgan.

Shu bilan birga, yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solish hamda yovvoyi hayvonlar oʻrtasida infeksion kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashish zarurati asoslangan.

Qonunning qabul qilinishi ovchilik resurslaridan oqilona foydalanish orqali atrof-muhitni muhofaza qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, yovvoyi hayvonlar hisobini yuritish, ularni koʻpaytirish va tutish normalarini tartibga solish ustidan davlat nazoratini kuchaytirishga, ov turizmining rivojlantirilishi hamda ov xoʻjaliklari holatining yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur Qonunni maʼqullash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Shunday keyin “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.

Qonunning aksariyat normalari real hayotiy munosabatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri tartibga solmasligi, ularning asosiy qismi toʻliq ifodalanmaganligi, belgilangan tadbirlarning amalga oshirish mexanizmlari mavjud emasligi alohida qayd etildi.

Xususan, Qonunning 7-moddasida fuqarolar jamoat tartibini saqlashda ishtirok etganda huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar bilan hamkorlik qilishi belgilangan boʻlsa-da, Qonunda ularning vakolatlari, huquq va majburiyatlari aks ettirilmagan.

Shu bilan birga, jamoat tartibini saqlashda ishtirok etuvchi shaxslarning reyestri va uni yurituvchi organlar faoliyati bilan bogʻliq masalalar nazarda tutilmagan hamda Qonunning 8-moddasida jamoat tartibini saqlashda fuqarolarning ishtirok etishi bilan bogʻliq cheklovlar toʻliq koʻrsatilmagan.

Shuningdek, Qonunda fuqarolarning jamoat tartibini saqlashga koʻmaklashish maqsadida jamoat tuzilmalari tuzish va ularning faoliyatida qatnashish, jamoat tartibini saqlashda yakka tartibda yoki jamoa boʻlib ishtirok etish bilan bogʻliq shakllar bayon etilmagan.

Senatorlar tomonidan Qonunning ayrim moddalarida fuqarolarning bevosita huquqlariga oid masalalarni ochib bermasdan, davlat organlari yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilab oʻtilganligi hamda toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi lozim boʻlgan qonun normalarining qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishi yoki qonunda aks ettirilmasligi tor doiradagi idora manfaatlarini va qisqa muddatli maqsadlarni koʻzlashi mumkinligi qayd etildi.

Bundan tashqari, aksariyat hollarda ijtimoiy munosabatlar qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishi qonunlarning maqomi kuchsizlanishiga, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan qonunlarning yoʻqligiga, masalalarni kompleks yondashmay tarqoq holda hal etishga olib keladi.

Qonun normalarini toʻliq ochib bermaslik va amalga oshirish mexanizmlarini aks ettirmaslik huquqiy ziddiyatlar hamda suiisteʼmolchiliklarni keltirib chiqarishi, byurokratik tartib-taomillarni kuchaytirishi, qonunlarni chetlab oʻtishga qaratilgan koʻplab qarorlar qabul qilinishiga sabab boʻlishi mumkin.

Shu jihatdan senatorlar tomonidan Qonunni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Soʻngra “Geodeziya va kartografiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlari barcha yoʻnalishlar qatori geodeziya va kartografiya sohasini ham zamon talablariga mos ravishda takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Yangi tahrirdagi mazkur Qonunda shu kabi jihatlar eʼtiborga olingan. Jumladan, sohaga oid asosiy tushuncha va tamoyillar, qolaversa, uni davlat tomonidan tartibga solishga oid normalar, vakolatli davlat organlari aniq belgilangan.

Shu bilan birga, Qonunda geodeziya va kartografiya ishlarini litsenziyalash, roʻyxatga olish va davlat hisobini yuritish, davlat kartografiya-geodeziya kadastri va Oʻzbekiston Respublikasi kartografiya-geodeziya fondini yuritish hamda davlat geodeziya nazorati bilan bogʻliq normalar mustahkamlab qoʻyilmoqda.

Ushbu Qonunning maʼqullanishi geodeziya va kartografiya faoliyatining mohiyati, xususan, sunʼiy yoʻldosh tizimlaridan foydalanishda hamda sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali tizimni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirishda materiallar va maʼlumotlarning toʻliqliligi va ishonchliligi taʼminlanadi. Eng muhimi, foydalanuvchilarga maʼlumotlar yetkazilishi soddalashtiriladi.

Shuningdek, Qonundan havolaki normalarning chiqarilishi natijasida tadbirkorlik subyektlarining geodeziya va kartografiya faoliyati bilan shugʻullanishida qulay sharoit yaratiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

“Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama markazida boʻldi.

Mazkur Qonunda kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni nazarda tutadi.

Xususan, voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashuvlarida cheklovlar bekor qilinmoqda. Mahkuma ayollarning voyaga yetmagan farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, mahkuma homilador ayollar va bolasi bor ayollar uchun qoʻshimcha huquqlar kiritilmoqda. Yaʼni mahkuma ayollarga voyaga yetmagan bolalari bilan bir yil ichida toʻrt marta muddati besh sutkagacha boʻlgan uzoq muddatli uchrashuv, shuningdek, manzilli koloniyalarda saqlanayotganlarga esa muassasa hududidan tashqarida yashash imkoniyati bilan uzoq muddatli uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda berilmoqda.

Yana bir jihat. Mahkumlarni jazo oʻtashi davrida adolatli mezonlar asosida ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash tartibi hamda ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash komissiyasining ish faoliyati va ularning aniq vazifalari belgilab berilmoqda.

Shuningdek, Qonun bilan jazo muddatini oʻtash davomida mahkumlarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan choralar kengaytirilmoqda. Mahkumlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida ularni tintuv qilish vaqtida jismoniy kuch va maxsus vositalar asossiz qoʻllanilishining oldi olinmoqda.

Qonun bilan Jinoyat-ijroiya kodeksining 76-moddasi toʻldirilib, mahkumlarning iltimosiga koʻra uchrashuvlari va telefon orqali soʻzlashuvlarini koʻpaytirish hamda video-uchrashuvlar bilan almashtirish tizimi joriy etilmoqda.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, mazkur Qonun mahkumlarning huquq va erkinliklarini kengaytirish hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, jazoni ijro etish tizimida shaxsni axloqan tuzatish va jamiyatga ijtimoiy moslashuvini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Senatorlar ushbu Qonunni maʼqulladi.

Soʻngra “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi kabi bir qator qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Jinoyat kodeksining sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari aylanishi bilan bogʻliq jinoiy harakatlar uchun javobgarlik koʻrsatilgan moddasiga qoʻshimcha kiritilmoqda. Yaʼni tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun alohida javobgarlik belgilanib, aybdor besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelsa, aybdor bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi belgilanmoqda. Agar bolalarning majburiy umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi olishiga ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan toʻsqinlik qilinsa, BHMning yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima belgilanib, javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi aholining huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish va oʻz navbatida davlat organlarining ham bu boradagi masʼuliyatini yana-da oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Senatorlar ushbu Qonunni maʼqulladi.

Shundan soʻng “2007-yil 27-iyundan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar oʻrtasida hamkorlikdagi harbiy oʻquvlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi Bitimga qoʻshimchalar kiritish haqidagi Bayonnomani (Bishkek, 2019-yil 29-aprel) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mudofaa sohasidagi siyosatning ochiqligi hamda xavfsizlik va mudofaa sohasida boshqa xorijiy mamlakatlar bilan amaliy munosabatlarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, Qurolli Kuchlar qoʻshinlarining jangovar va tezkor tayyorgarlik tizimini yana-da takomillashtirish, oʻquv mashqlari faolligini, ularning samaradorligini oshirish zarur vazifa hisoblanadi.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida harbiy-texnikaviy sohadagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish, tomonlarning harbiy xavfsizligini taʼminlash, oʻz Qurolli Kuchlarining harbiy salohiyatini mustahkamlash, harbiy kadrlar tayyorlash, harbiy-texnik hamkorlik boʻyicha qoʻshma tadbirlarni amalga oshirish maqsadlariga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Bayonnoma SHHT aʼzosi boʻlgan istalgan davlat unga qoʻshilishi uchun ochiqligi, qoʻshilgan davlat uchun ushbu Bitim depozitariy tomonidan qoʻshilish haqida hujjat olingan sanadan boshlab 30 kun ichida kuchga kirishi kabi yangi oʻzgartishlarni oʻz ichiga olgan.

Senat aʼzolari ushbu Qonunni maʼqullash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Soʻngra “Oʻzbekiston Respublikasining Boʻgʻuvchi, zaharli yoki boshqa shu kabi gazlar va bakteriologik vositalarning urushda qoʻllanilishini taqiqlash toʻgʻrisidagi Protokolga (Jeneva, 1925-yil 17-iyun) qoʻshilishi haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.

Ushbu Protokol 1972-yilning 10-aprel kuni Moskva, London va Vashington shaharlarida imzolangan bakteriologik (biologik) va toksik qurollar zaxirasini yigʻish, ishlab chiqish va ishlab chiqarishni taqiqlash va ularni yoʻq qilish toʻgʻrisidagi Konvensiya talablarini mustahkamlovchi hamda toʻldiruvchi hujjat hisoblanadi.

Bugungi kunda ushbu Jeneva protokoliga dunyoning 142 ta davlati, MDH mamlakatlaridan Armaniston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Ukraina hamda Qirgʻiziston qoʻshilgan.

Senat aʼzolari mazkur Qonunning qabul qilinishi respublika mudofaa sohasining samarali tizimini taʼminlash hamda uni rivojlantirishda alohida oʻrin egallashini, qolaversa, Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyatning teng huquqli aʼzosi boʻlishi yoʻlidagi navbatdagi muhim qadam ekanligini taʼkidladi.

Shuningdek, mazkur Protokolga qoʻshilish Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi milliy qonunchilik meʼyorlariga mos kelishi hamda qonunlar bilan muomalaga kiritilgan xalqaro shartnomalar talablariga zid kelmasligi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng adliya vazirining 2019-yilda huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti ham eshitildi.

Taʼkidlanganidek, oʻtgan yilda Vazirlik tomonidan 530 mingga yaqin targʻibot tadbirlari tashkil etilgan va davlat organlari tomonidan uyma-uy yurib, tegishli muammolarni aniqlagan holda fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi doirasida Adliya vazirligi tomonidan Internet tarmogʻida aholining huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga xizmat qiluvchi 5 ta huquqiy portal ishlab chiqilgan.

Jumladan, bugungi kunda turli hayotiy holatlar boʻyicha huquqiy yechim taklif etiladigan va davlat xizmatlari koʻrsatish elektron tizimi bilan bogʻlanadigan “Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy portali ishga tushirilgan. Undan 53 ming nafardan ortiq shaxslar foydalangan. Qolaversa, yosh avlodlarning huquqiy bilimini oshirib borish, bolalarni kichik yoshdanoq qonunga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida “bolahuquqlari.uz” sayti va “test.adliya.uz” huquqiy savodxonlikni baholash tizimi yaratilib, ulardan 16 ming nafarga yaqin shaxslar foydalangan.

Shu bilan birga, majlisda senatorlar tomonidan huquqiy targʻibot sohasida muayyan kamchiliklar, oʻz yechimini kutayotgan muammolarga eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, huquqiy taʼlim-tarbiya borasidagi ishlar tizimli va uzviy olib borilmayapti, bu borada taʼsirchan mexanizm mavjud emas.

Bundan tashqari, jamiyatda manzilli huquqiy targʻibot tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish ishlarini yetarli darajada, deb boʻlmaydi. Aksariyat davlat organlari rahbarlari tomonidan faol ishtiroki taʼminlanmayapti, bu borada yuqori natijadorlik va samaradorlik koʻzga tashlanmayapti. Oqibatda qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilmoqda.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar uchun har haftalik huquq va majburiyatlar kuni, umumtaʼlim maktablari yuqori sinflari uchun huquq asoslari hamda tarbiya fanlari haftasiga 1 soatdan oʻqitilishi, oliy taʼlim muassasalari oʻquv rejalarida tegishli maʼnaviyat fani 78 soat oʻqitilishi belgilangan boʻlsa-da, ularning ilmiy izlanishlar va toʻplangan tajribaga asoslanganligi hamda samaradorligi yetarli darajada emas.

2019-yilda voyaga yetmaganlar tomonidan mamlakatimizda 739 ta jinoyat sodir etilgan. 2018-yilga nisbatan 19,9 foizga kamaygan boʻlsa-da, bu koʻrsatkich xanuzgacha balandligicha qolmoqda. Ayniqsa, jinoyat sodir qilgan 818 nafar voyaga yetmagan shaxsning 694 nafari maktab oʻquvchilari ekanligi salbiy holatdir.

Yana bir jihat. Huquqiy targʻibot ishlari taʼsirchan olib borilishi yoʻlga qoʻyilmaganligi oqibatida davlat organlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan qarorlar qabul qilish amaliyoti hamon uchramoqda.

Shuningdek, majlisda davlat organlari tomonidan huquqiy targʻibot tadbirlari innovatsion usullari, shu jumladan, veb-texnologiyalaridan yetarli foydalanilmaganligi tanqid qilindi va bu borada koʻrsatmalar berildi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Soʻngra Samarqand viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitildi.

Qayd etilganidek, Oliy Majlis Senatining Ishchi guruhi tomonidan viloyatni kompleks rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganilgan. Majlisda oʻrganish yakunlari ham atroflicha koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, viloyatni rivojlantirish va bu jarayonda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari salohiyatidan foydalanish borasida muayyan ishlar olib borilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatiga 6 marotaba amalga oshirgan tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida 450 dan ortiq loyihalar tasdiqlanib, ularning ijrosi taʼminlanmoqda.

Viloyatda 2019-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 37 trillion 594 milliard soʻmni tashkil etgan. Rejadagi 40 mingta oʻrniga 45 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan, viloyatda bugungi kunda qariyb 48 mingta kichik biznes subyekti faoliyat olib bormoqda.

Maʼlumki, Samarqand – jahon turizm markazlaridan biri. Hududda bu borada roʻyobga chiqarilgan salmoqli ishlar natijasida 2019-yilda viloyatga 560 ming nafardan ziyod xorijiy sayyohlar tashrif buyurib, ushbu koʻrsatkich 2018-yilga nisbatan 1,6 barobar oʻsishiga erishilgan.

Aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida sogʻliqni saqlash muassasalari 10,3 milliard soʻmlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlangan, tez tibbiy yordam avtomashinalari soni 115 tadan 260 taga yetkazilgan. Soʻnggi uch yilda viloyatda xususiy tibbiyot muassasalari soni 37 tadan 376 taga yetgan, yaʼni 10 barobar ortgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida viloyatda 2019-yil davomida 7 mingga yaqin turli tadbirlar oʻtkazilib, ularga 1,6 million nafardan ziyod yoshlar jalb qilingan.

Shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar sessiyalarida mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining hisobot va axborotlari eshitib borilgan. Mahalliy deputatlar tomonidan aholi bilan bevosita muloqot olib borish jarayonida, ularning murojaatlari bilan ishlash davomida koʻtarilgan muammolarni hal etishga qaratilgan deputatlik soʻrovlari yuborilgan va ijrosi nazorat qilib borilgan.

Majlisda viloyatni rivojlantirishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan ayrim muammo va kamchiliklar borligiga urgʻu berildi.

Jumladan, 2019-yilda viloyatdagi madaniyat markazlarida bajarilishi lozim boʻlgan qurilish ishlari toʻliq olib borilmagan. Masalan, Bulungʻur va Pastdargʻom tumanlaridagi madaniyat markazlarida qurilish ishlari yakunlanmagan boʻlsa, Kattaqoʻrgʻon va Jomboy tumanlarida bu boradagi ishlar boshlanmagan.

Viloyatga biriktirilgan Xitoy, Turkiya, Gretsiya, Ispaniya davlatlaridagi elchixonalar tomonidan taklif etilgan qiymati 1 trillion 540 milliard soʻmlik 10 ta loyihani amalga oshirish muddati kechikmoqda. Qiymati 2 trillion 385 milliard soʻmlik 16 ta loyiha boʻyicha ishlar boshlanmagan.

Umumtaʼlim maktablarini sport anjomlari bilan muntazam taʼminlash tizimi yoʻlga qoʻyilmagani bois viloyatdagi aksar maktablarga oxirgi marta 2016-2017 yillarda sport jihozlari yetkazib berilgan. Yana bir jihat, hududdagi maktablarda faoliyat olib borayotgan 2 ming 164 nafar psixologning 1 ming 340 nafari, yaʼni 62 foizi ixtisoslikka ega emas.

Bundan tashqari, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy (suyultirilgan) gaz bilan toʻliq va uzluksiz taʼminlash borasida muammolar mavjud. Xususan, elektr tarmoqlarining ayrim qismlari foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan. Gaz quvurlarini mukammal taʼmirlash boʻyicha 2019-yilga belgilangan reja bajarilmagan. Viloyatning ichki yoʻllari taʼmirtalab ahvolda.

Majlisda hududni oʻrganish yakunlari xalq deputatlari viloyat Kengashining 2020-yil 22-maydagi sessiyasida muhokama etilganligi, unda viloyat darajasidagi muammolarni hal etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”, qolaversa, viloyat Kengashi faoliyatini “namunali Kengash” sifatida yoʻlga qoʻyish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanganligi qayd etildi.

Shuningdek, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlar koʻrish zarurligi taʼkidlandi. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Majlisda mazkur masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, viloyatda yechimini kutib turgan respublika darajasidagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Ularning ijrosi ustidan senatorlik nazoratini yoʻlga qoʻyish belgilandi.

Shundan keyin Senat aʼzolari tomonidan Vazirlar Mahkamasiga yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan parlament soʻrovi yuborish masalasi koʻrib chiqildi.

Avtomobil yoʻllarida yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan nazorat toʻliq va samarali oʻrnatilmaganligi oqibatida birgina 2019-yilda mamlakat boʻyicha jami 6 milliondan ortiq yoʻl harakati qoidabuzarligi qayd etilgan. Oqibatda 8588 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularda 7943 nafar fuqaro jarohatlangan va 2096 nafar shaxs halok boʻlgan.

2020-yilning birinchi choragida esa 1229 ta yoʻl-transport hodisasi oqibatida 376 nafar fuqaro vafot etgan.

Tahlillarga koʻra, qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlaydigan foto va video moslamalar, shuningdek, onlayn rejimida ishlovchi foto radarlar oʻrnatish bilan bogʻliq ishlar sust olib borilmoqda. Bundan tashqari, avtomobil yoʻllarida yoʻl harakatini axborotlar bilan taʼminlash, yoʻl boʻyidagi infratuzilmani xalqaro standartlar talablariga muvofiq rivojlantirish bilan bogʻliq koʻplab masalalarga lozim darajada eʼtibor qaratilmagan.

Umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilarga yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish ishlari ham talab darajasida emasligi oqibatida 2019-yilda bolalar bilan bogʻliq 1309 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan. Ularda 1147 nafar bola jarohatlangan va 193 nafar bola halok boʻlgan.

Majlisda senatorlar tomonidan shu kabi kamchilik va muammolarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi Yoʻl harakati qoidalarini ham takomillashtirish kerakligi, mamlakatimizda haydovchilarni tayyorlash va ulardan imtihon olish tartibi bilan bogʻliq muammolar koʻplab fuqarolarimiz tomonidan haqli eʼtirozlarga sabab boʻlayotganligi ham taʼkidlandi.

Senat aʼzolari yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Shundan soʻng Vazirlar Mahkamasiga chiqindilar bilan bogʻliq masalalarda vujudga kelgan muammolar va ularning aholi salomatligiga taʼsiri yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi tomonidan joriy yilning iyun oyida oʻtkazilgan “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonunning joylarda ijro etilishi holatini oʻrganish jarayonida sohada zudlik bilan hal qilinishi lozim boʻlgan qator muammolar mavjudligi aniqlangan.

Xususan, masʼul davlat organlari tomonidan atrof-muhitni asrab- avaylash, chiqindilarni olib chiqib ketish, ularni qayta ishlash, chiqindi poligonlarini sanitariya talablari asosida tashkil qilish ishlari yetarlicha muvofiqlashtirib borilmagan. Chiqindilarni saralash, toʻplash, zararsizlantirish va utilizatsiya qilish toʻgʻri tashkil etilmagan.

Bundan tashqari, hosil boʻlayotgan sanoat va qurilish chiqindilarini hisob-kitob qilish ishlari, yaʼni toʻplash, joylashtirish va qayta ishlash tizimi bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermaydi. Jumladan, har yili respublikamizda 35 million kubometrga yaqin maishiy, 100 million tonnadan ortiq sanoat chiqindisi hosil boʻladi. Uning 10 foizi ham qayta ishlanmaydi.

Ushbu yoʻnalishda zamonaviy boshqaruv shakllari va usullari yetarlicha joriy etilmaganligi qayta ishlash korxonalaridan samarali foydalanish imkonini bermayapti.

Shuningdek, oʻrganish jarayonida respublikamizda foydalanib kelinayotgan 195 ta qattiq maishiy chiqindi poligonining holati ham tahlil qilindi. Natijada qattiq maishiy chiqindi poligonlaridan foydalanish borasida qator muammolar mavjudligi va chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan tegishli choralar koʻrilmagani maʼlum boʻldi. Bu esa, oʻz navbatida, ushbu hududlarda yashovchi aholi orasida turli yuqumli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shunga asosan ushbu masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Parlament yuqori palatasi aʼzolari beshinchi yalpi majlisda Istiqbolli turizm yoʻnalishida Oʻzbekiston xalqaro imijini oshirish choralari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari koʻrib chiqildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining Isroil davlatidagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlash toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi.

Senatorlar Feruza Yuldashevna Maxmudovani Oʻzbekistonning Isroil davlatidagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Shuningdek, Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlari ham tasdiqlandi.

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.

Manba