Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyevga maktubi

 

Qozog‘iston Respublikasi
Birinchi Prezidenti – Elboshi
Nursulton Nazarboyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Nursulton Abishevich!

Sizning koronavirus kasalligiga chalinganingiz to‘g‘risidagi xabarni chuqur bezovtalik va katta xavotir bilan qabul qildim.

Hayotingizdagi ushbu sinovli va murakkab paytlarda biz uchun hamisha cheksiz ehtiromga sazovor bo‘lib kelgan Siz, aziz og‘amni
har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligimni va yaqin ko‘makdosh ekanligimni yana bir bor chin qalbdan ma’lum etmoqchiman.

Hech shubhasiz, qisqa fursatlarda mazkur virusni muvaffaqiyatli yengib o‘tib, shifo topishingizga va tuzalib ketishingizga ishonchim komildir.

Qadrli Nursulton Abishevich, Sizga Qodir Allohdan mustahkam sihat-salomatlik, kuch-quvvat va yangi zafarlar ato qilishini so‘rab qolaman.

Tez orada Siz bilan diydor ko‘rishish baxtiga muyassarlik nasib etishiga umid qilaman.

Hurmat bilan,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Shavkat Mirziyoyev