O‘zbekiston Prezidenti xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashdi

Budapesht shahrida o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich va Tatariston Raisi Rustam Minnixanov bilan suhbatlashdi.

Ikki tomonlama amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, yetakchilar jahon chempionatining erkaklar o‘rtasida 100 metr masofaga yugurish bo‘yicha final bahsini tomosha qildilar.

Yengil atletika bo‘yicha XIX jahon chempionati Budapesht shahrining Yengil atletika milliy markazida 2023-yil 19-avgust kuni boshlangan bo‘lib, 27-avgustgacha davom etadi. Medallar sportning 49 turi bo‘yicha, shu jumladan erkaklar va ayollar o‘rtasida 24 tadan yo‘nalishda hamda aralash estafetada o‘ynalmoqda. Musobaqalarda 190 dan ziyod mamlakatdan 2 ming nafardan ortiq sportchi qatnashmoqda.

Chempionatda O‘zbekistondan 5 nafar atletimiz sportning balandlikka sakrash, uch xatlab sakrash, uzunlikka sakrash, yettikurash va marafon kabi turlarida kuch sinashmoqda.

G‘oliblar hamda olimpiya normativlarini bajargan sportchilar 2024-yilda Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Manba