Olgan BEKAR: Savdo-iqtisodiy aloqa – hamkorlik drayveri

Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar “O‘zbekiston – Turkiya: keng qamrovli strategik sheriklik” mavzusidagi davra suhbatida so‘zga chiqib, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga yordam beruvchi muhim omillarga to‘xtalib o‘tdi.

Diplomat xalqlarimizni umumiy din, ko‘p asrlik tarix, til va ma’naviy qadriyatlar o‘xshashligi bog‘lab turganini alohida ta’kidladi:

– Qadimdan o‘rtamizda boy tarix, yaqin ma’naviy-madaniy meros bilan uzviy bog‘langan qardoshlik munosabati shakllangan. Bularning bari, shubhasiz, har tomonlama hamkorlik rivojlanishida o‘ziga xos tarzda aks etadi.

Shu bilan birga Elchi bugungi kunda davlat rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakati, ular o‘rtasida o‘rnatilgan ishonchli muloqot tufayli o‘zaro munosabat keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.

– Turkiya O‘zbekistonning to‘rtinchi yirik savdo hamkoriga aylandi. Qo‘shma korxonalar soni kundan-kun oshib, yetti yil mobaynida olti barobar ko‘paydi, – dedi elchi.

Xullas, janob Bekar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqa o‘zaro hamkorlik drayveri bo‘lib xizmat qilishiga ishonchi komil ekanini urg‘uladi.

Manba