SMTIda Germaniya delegatsiyasi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Joriy yilning 15 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Germaniya Bundestagi Sotsial-demokratik partiyasi deputatlar guruhining tashqi siyosat bo‘yicha matbuot kotibi Nils Shmidt, Bundestagning tashqi siyosat bo‘yicha ishchi guruhi koordinatori Dirk Savistki, shuningdek, Fridrix Ebert jamg‘armasining Sharqiy Yevropa departamenti rahbari Kristina Linke va ushbu Jamg'armaning O'zbekiston va Qirg'izistondagi vakolatxonasining mintaqaviy direktori Filipp Yan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida Germaniya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar, olib borilayotgan ochiq tashqi siyosat, jumladan, amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Markaziy Osiyodagi mintaqaviy kun tartibi haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuvda Afgʻonistonda mustahkam va uzoq muddatli tinchlikka erishish boʻyicha Toshkentning pozitsiyasi va yondashuvlari ma’lum qilindi. Bu mamlakat iqtisodiyotining tiklanishi Afg‘oniston hududida barqarorlikni mustahkamlashning garovidir.

Keyingi yillarda yanada ishonchli va tizimli xarakter kasb etayotgan O‘zbekiston-Germaniya munosabatlari istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Germaniya Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar orasida Oʻzbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy hamkori ekanligi alohida taʼkidlandi.

Germaniyalik hamkasblar bilan suhbat chog‘ida SMTI va Fridrix Ebert jamg‘armasi o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi. Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va ularga moslashish, yashil energiya, transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishdan manfaatdorlik bildirildi.