SMTIda Pokiston diplomatlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 23 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Pokistonning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Asif Durrani, shuningdek, Pokiston Islom Respublikasining mamlakatimizdagi elchisi Ahmad Faruq bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Pokistonlik mehmonlarga O‘zbekistonning Afg‘onistonning tinch va barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish, Qobulni mintaqalararo iqtisodiy aloqalarga jalb etish borasidagi prinsipial pozitsiyasi haqida ma’lumot berildi.

A.Durrani Toshkentning sa’y-harakatlari va tashabbuslarini yuksak baholab, dolzarb mintaqaviy muammolarni hal etish va qo‘shma iqtisodiy loyihalarni Afg‘onistonda ham amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston-Pokiston o’rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.