O‘zbekiston va Tojikiston: strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlash yo‘lida

18-19-aprel kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi boshlanadi. Bu O‘zbekiston rahbarining joriy yilda Markaziy Osiyo davlatiga amalga oshirgan ilk tashrifi bo‘ladi. Bu ikki respublika o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik yuksak darajada ekanidan hamda mamlakatlarimizning strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilishidan dalolatdir.

Qayd etish joizki, bugungi kunda  Markaziy Osiyo davlatlarining boshqa  yetakchilari qatori O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari ham do‘stona aloqalarni faollashtirib,  mintaqaviy  hamkorlikni rivojlantirishga  muhim hissa qo‘shishmoqda. 

Davlatlar rahbarlari Markaziy Osiyoning  kelajagini  yaratish yo‘lida 2018-yildan buyon chorak asrga teng yo‘lni bosib o‘tdilar. Markaziy Osiyo yetakchilarining yakdil ovozi xalqaro maydonlarda yangramoqda,  ular  BMT Bosh Assambleyasining muzliklarni saqlab qolish zaruratidan tortib,  yadro qurolini tarqatmaslik rejimigacha bo‘lgan ancha o‘tkir mintaqaviy va global muammolar bo‘yicha rezolyutsiyalar  tashabbusi bilan chiqdilar.  

Qayd etish kerakki,  aynan  Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Masalahat  uchrashuvlarini yo‘lga  qo‘yish tashabbusini  birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi. 2023-yil Dushanbeda ushbu sammitning 5-yubileyi  bo‘lib o‘tdi. 

Bugungi kunda teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlari  birgalikdagi  sa’y-harakatlar bilan  jadal rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi. 

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning namunali modelini namoyish etmoqdalar. Xususan, O‘zbekiston va Tojikiston bir-birlarining global tashabbuslarini  qo‘llab-quvvatlab,  MDH, SHHT, IHT va boshqa  xalqaro tuzilmalar  doirasida  izchil  hamkorlik qilishmoqda.  

Umuman olganda, bugun ikki tomonlama hamkorlikda barcha  sohalarda  rivojlanish kuzatilmoqda.  

Birinchidan, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning  qat’iy siyosiy irodasi va strategik qarashlari tufayli qardosh davlatlar o‘rtasida yuqori va oliy darajadagi  ikki tomonlama  aloqalarning  sezilarli  o‘sishi  kuzatilmoqda.  

2018-yilda munosabatlar tarixida ilk marotaba o‘zaro davlat tashriflari  almashildi.  O‘shanda Shavkat Mirziyoyev Dushanbega “ochiq  qalb va ochiq chegaralar bilan” kelganini aytgan edi.  O‘z navbatida,  Emomali Rahmon ham Toshkentda “O‘zbekiston bilan aloqalar  Tojikiston tashqi siyosatining  asosiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi”, – dedi.  

2016-yildan buyon mamlakatlar rahbarlari 32 marta uchrashishdi.  

Davlatimiz rahbari ko‘p asrlik mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik  rishtalarini  mustahkamlashga qo‘shgan  shaxsiy  hissasi uchun Emomali Rahmonni  “El-yurt hurmati”  ordeni bilan  mukofotladi (2018-yil  17-avgust Toshkent).  Tojikiston rahbari esa, Shavkat Mirziyoyevga birinchi darajali «Zarrintoch»  (“Oltin toj”) ordenini topshirdi (2021-yil 11-iyun Dushanbe sh.). 

Ikki mamlakat rahbarlarining O‘zbekiston-Tojikiston  sherikchiligini strategik  (2018-yil 17-avgust), so‘ngra esa, ittifoqchilik  munosabatlari (2022  yil 2-iyun) darajasigacha olib chiqish keyingi  muhim qadam  bo‘ldi.  

Mohiyatan, Prezidentlar sa’y-harakatlar, imkoniyatlar va salohiyatni maksimal birlashtirgan holda va barcha mavjud to‘siqlarni olib tashlash orqali  hamkorlikning  yangi davriga asos soldilar.  

Yuqori  darajadagi ishonch muhiti parlamentlararo aloqalarni faollashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada, 2020-yilda  O‘zbekiston  Respublikasi Oliy Majlisining Tojikiston Respublikasi Majlisi Olining Majlisi Namoyandagon bilan hamkorlik bo‘yicha  parlamentlararo  guruhi tuzildi. So‘nggi to‘rt yilda 5 marta parlament delegatsiyalari almashinuvi amalga oshirildi.  

Konstruktiv parlament muloqotini mustahkamlashda 2023-yil sentyabr oyida Dushanbe shahrida Tojikiston Majlisi milli Majlisi Oli  raisi  Rustam Emomalining  O‘zbekiston  Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvi muhim qadamlardan bo‘ldi. Uning yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat  parlamentlari yuqori palatalari  o‘rtasida imzolangan hamkorlik bitimi yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini monitoring qilishning muhim  vositasi  bo‘lib qolmoqda.  

Parlamentlararo  aloqalar jadal xususiyat kasb etmoqda. 2018-yildan buyon bosh vazirlar Abdulla Aripov va Kohir Rasulzoda darajasida 15 dan ziyod uchrashuvlar o‘tkazildi.  Hukumatlar rahbarlari bugungi kunda Hukumatlararo komissiyaga shaxsan rahbarlik  qilmoqdalar. 2024-yil 12-martda  Dushanbe shahrida uning 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston va Tojikistonning to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida foydalanilmagan salohiyatini ro‘yobga chiqarish, hamkorlikda qishloq xo‘jaligi texnikasi va uskunalarini ishlab chiqarish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, metallurgiya, farmatsevtika, dori vositalari, qurilish materiallari, axborot texnologiyalarini ishlab chiqarish va elektronika bo‘yicha  qator  kelishuvlarga  erishdilar.  

Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklarining siyosiy maslahatlari muntazam asosda o‘tkazib kelinmoqda, maxsus xizmatlar,  huquqni muhofaza qilish organlari, mudofaa idoralari o‘rtasida xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda.  

Ikkinchidan, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy  aloqalar ancha faollashdi.    

Ikki tomonlama tovar ayirboshlashda sezilarli  o‘sish kuzatiladi. So‘nggi 7-yilda o‘zaro savdo hajmi 197 million AQSH dollaridan 757 million dollargacha o‘sdi.  

Bu vaqtda O‘zbekistonga Tojikiston eksporti 3,5 baravar, Tojikistonga o‘zbek eksporti 4 baravar oshdi. Bugun davlatimiz  Tojikistonning  5 ta  eng yirik  savdo hamkorlari qatoriga kiradi.  O‘z navbatida, Tojikiston ham O‘zbekiston  tashqi savdo  aylanmasida  10-o‘rinni  egallaydi.  O‘zaro  savdo hajmini joriy yil oxirigacha 1 milliard  dollargacha  yetkazish uchun barcha asoslar bor.  

Bu mineral yoqilg‘i, elektr-energiya, oziq-ovqatlar, mexanika uskunalari, qurilish materiallari, qora va rangli  metallar,  ulardan, rudadan tayyorlangan buyumlar, toshqol, to‘qimachilik va kimyoviy  mahsulotlar va jismoniy shaxslarning tovarlari kabi  tovarlarni o‘zaro yetkazib berishga bo‘lgan talab ortib borayotganini hisobga olsak, bu erishish mumkin bo‘lgan natijadir.  

O‘zbekiston-Tojikiston hududlararo forumi bu jarayonda muhim  rol o‘ynaydi. 2021-yilda Xatlon viloyatining Boxtar shahrida   chegaradosh Surxondaryo va Sug‘d viloyatlari rahbarlari, ishbilarmon doira vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan birinchi forum yakunlari bo‘yicha  salmoqli kelishuvlarga erishildi.  

Shu bilan birga, qo‘shma investitsiya loyihalar ham amalga oshirilmoqda:  o‘zbek-tojik  korxonalari soni 2016-yilda  34 tadan 2023-yilda  339 tagacha  (O‘zbekistonda – 25 ta, Tojikistonda – 9 ta )  10 barobar  ko‘paydi  (278/61).  

Savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish doirasida  sanoat kooperatsiyasi ham rivojlanmoqda. 2023-yil may oyidan «Oybek-Fotexabod» o‘tkazish  punktlarida  “O‘zbekiston-Tojikiston” savdo hududi loyihasi amalga  oshirilmoqda. Bunda 2021-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan va  so‘nggi uch yilda  ustav jamg‘armasi  2 baravarga -   50 million dollardan 100 million dollargacha o‘sgan O‘zbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasi muhim rol o‘ynaydi.  

Tojikistonda  qator  qo‘shma korxonalarning ishga tushirilishi sanoat-investitsiya aloqalarini amaliy va o‘zaro manfaatli  rivojlantirishning yorqin misoli bo‘ldi. Maishiy elektronika tovarlari ishlab chiqaruvchi  «Artel Avesto Elektroniks»  va  kommunal-qurilish texnikalarini ta’mirlash bo‘yicha «Talko-Krantas» korxonalari  shular jumlasidandir.  

Tojikistonlik ekspertlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mashinalar  nisbatan arzonligi va jahon  sifat standartlariga javob berishi tufayli Tojikistonda  xaridorgir bo‘ladi, deb hisoblaydilar.  

O‘zbekistonda ham shunday obyektlar  ochilmoqda.  Xususan,  Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida Tojikiston bilan chegaradosh hududda “Andarxon”  yirik mintaqaviy  savdo-logistika klasteri qurilmoqda.  Bu yerda 200 dan ziyod obyektlar – ishlab chiqarish sexlari, do‘konlar, mehmonxonalar,  bank va logistika markazi faoliyat yuritadi.  

Gidroenergetika sohasi O‘zbekiston va Tojikiston iqtisodiy rivojlanishining  kuchli  harakatlantiruvchi kuchidir. 2022-yil iyun oyidan boshlab  tomonlar 320 MVt quvvatga ega  ikkita GES  qurilishiga kirishdilar: Zarafshon daryosidagi Yovon  va Fandaryo  daryosi ( Zarafshon daryosining chap irmog‘i )dagi GES shular jumlasidandir. Ishlab chiqarilgan 1,4 mlrd. kVt/s – elektr energiya ikki mamlakat ehtiyojlari  uchun paritet asosida yetkazib beriladi. Rog‘un GES  kabi yirik  loyihalar doirasidagi hamkorlikdagi ishlar olib borilmoqda. Bu loyiha O‘zbekiston va Tojikiston elektr tarmoqlarining ishonchliligini  oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.  

Uchinchidan, Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning uzoqni ko‘zlagan  siyosati tufayli ikki tomonlama transport-kommunikatsiya salohiyatini   to‘liq ro‘yobga chiqarish masalalarida yutuqqa erishildi.  

Xususan, 2018-yilda 8 ta avtomobil nazorat punktlarining faoliyati   tiklandi,  20-yildan buyon faoliyati to‘xtab qolgan G‘alaba-Amuzang-Xoshadi temir yo‘l liniyasining faoliyati  qayta tiklandi.  

Shuningdek, 2021-yildan buyon «Toshkent – Dushanbe – Toshkent»  muntazam parvozlari, 2022-yildan buyon «Samarqand – Dushanbe», «Panjikent – Samarqand»  xalqaro avtobus  qatnovlari  tiklandi.  Shu bilan birga,  hududlar o‘rtasida  5 ta, jumladan,   «Toshkent – Xo‘jand» nomli  yangi avtotransport liniyalari yo‘lga  qo‘yildi.  O‘sha yildan buyon  «Toshkent – Dushanbe»  yo‘lovchi poyezdi  faoliyat yuritishni boshladi.  

Panjikent – Bulung‘ur/Jomboy uchastkasida  temir yo‘l  qurilishi,  Bekobod – Istiqlol temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish va O‘zbekiston–Tojikiston–Xitoy transport yo‘lagini rivojlantirish masalasi  ishlab chiqilmoqda.  

Natijada, 2016-yildan 2023-yilgacha ikki mamlakat o‘rtasidagi  temir yo‘l transportida yuk tashish hajmi 25 barobardan ziyodga - 300 ming tonnadan 8,5 million tonnagacha hamda  avtomobil transportida yuk tashish hajmi 2  barobarga  – 1,5 million tonnagacha oshdi.    

Logistika tizimlari samaradorligi Indeksi reytingida 2023-yilda  O‘zbekiston va Tojikiston o‘z natijalarini  11 va 37 pog‘onalarga yaxshilab, dunyoda 88- va 97- o‘rinni egalladi.  

Hozirgi kunda mamlakatlarimiz avtomobil va temir yo‘llari o‘zaro integrallashgan. Ushbu muhim kommunikatsiya tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun tranzit vazifasini ham bajaradi. Bu sohadagi istiqbolli  loyihalar  orasida «Xitoy – Tojikiston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa»  yangi multimodal  yo‘lagi  loyihasini alohida ta’kidlash lozim. 

Uning amalga oshirilishi bir tomondan,  har ikki davlatlarning  transport  yopiqligi masalasini hal qilish imkonini bersa, boshqa tomondan – Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi va Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston  temir yo‘l loyihasi qatorida Markaziy Osiyo  transport tizimini rivojlantirish va “Sharq-G‘arb” yo‘nalishi bo‘yicha  foydali  tranzit  bo‘g‘in sifatida uning rolini oshirish uchun  muhim  yordam bo‘ladi.  

To‘rtinchidan, madaniy-gumanitar sohada davlatlararo  hamkorlikning yuqori  sur’ati kuzatilmoqda.    

Bu borada 2018-yilda viza rejimining bekor qilinishi va  chegaralarning ochilishi bu yo‘nalishdagi aloqalarni rivojlantirishning muhim omillaridan biri bo‘lib,  bu  insonlarning erkin harakatlanishi, muloqot  va savdo qilishi uchun  qulay sharoitlar yaratdi.  

Bugungi kunda O‘zbekistonda tojiklar o‘zbeklardan keyin, Tojikistonda esa,  o‘zbeklar eng katta etnik guruh  hisoblanadi. Bu o‘z navbatida, madaniy munosabatlar va xalq diplomatiyasini faollashtirishga  yordam beradi.  

Ularning ko‘rsatkichi quyidagilar bilan namoyon bo‘ladi: O‘zbekistonda 19 ta tojik  milliy madaniy markazlar faoliyat yuritmoqda, 8 ta  davriy  bosma nashrlar nashr etilyapti, «Tojikiston» telekanali ishlab, tojik tilida 25 ta teleko‘rsatuv, 3 ta  radiodasturlar, 4 ta  radiojurnal va 2 ta musiqiy  dasturlar efirga uzatilmoqda. 255 ta o‘zbek maktablarida ta’lim tojik tilida  yuritiladi.  

Buxoro, Samarqand, Farg‘ona va Termiz davlat universitetlari hamda Chirchiq  davlat pedagogika  instituti,  Denov  tadbirkorlik va pedagogika institutida ta’lim tojik tilida olib boriladigan fakultet va guruhlar  faoliyati yo‘lga  qo‘yilgan.  Ularning talabalari soni  qariyb 2 baravar - 2016-yilda  621 nafardan  2023-yilda 1022  nafarga ko‘paygan. Qardosh Tojikistonda  ta’lim o‘zbek tilida yuritiladigan  maktablar soni ko‘p. Shuningdek,  o‘zbek tilida «Sharqnoma» jurnali «Xalq ovozi»  va «So‘g‘d haqiqati» gazetalari nashr etiladi, «So‘g‘d»  telekanali efirga uzatiladi.  

Bundan tashqari, mamlakatda  3 ta o‘zbek milliy madaniy markazlari, Dushanbe pedagogika  universitetida o‘zbek fakulteti muvaffaqiyatli  faoliyat yuritmoqda.  

Har yili O‘zbekiston va Tojikistonda tojik va o‘zbek  madaniyatlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan yuzlab tadbirlar ( san’at, kino kunlari, milliy bayramlar, forumlar, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi anjumanlar, ilmiy simpoziumlar) o‘tkaziladi.  

Xalqlarimiz azaldan do‘st qiyinchilikda bilinadi, deydi. Shu nuqtayi nazardan, Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy topshirig‘iga binoan O‘zbekiston  pandemiya paytida qardosh tojik xalqiga  yordam ko‘rsatgani hamda Emomali Rahmon 2020-yil may oyida Sirdaryo viloyatida Sirdaryo suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida jabrlanganlar uchun  qurilish materiallari ko‘rinishida mamlakatimizga gumanitar yordam yuborgani  O‘zbekiston-Tojikiston  munosabatlarining eng yangi tarixida abadiy yodda qoladi. Eng og‘ir  kunlarda  har ikki mamlakat bir-birlariga  yordam ko‘rsatib,  xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni  yanada mustahkamladilar.  

Eng muhimi, yaqin qo‘shnilar bundan buyon ham  mintaqada har qanday holatda yuzaga kelayotgan yangi chaqiriq va tahdidlarlarga birgalikda yaxlit javob topish zarurligi to‘g‘risida umumiy tushunchani shakllantirishni davom ettirishga tayyor.  

Shu bois, oliy darajadagi rasmiylarning siyosiy irodasi va  rivojlanayotgan ikki tomonlama muloqot mintaqaviy hamkorlikni  yanada rivojlantirishga va  do‘st xalqlar  farovonligini  oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.  

Umuman olganda, Toshkent va Dushanbe erishilgan  natijalar bilan cheklanib qolish niyatida emas. Hech shubhasiz. Tojikistonda bo‘lib o‘tadigan oliy darajagi uchrashuv  ijobiy tendensiyalarni mustahkamlash,  ikki tomonlama hamkorlikning  istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash hamda butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni  ta’minlashda  yangi imkoniyatlarni ochishga  xizmat qiladi.  

O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligining ushbu  ijobiy  dinamikasi  barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, aholi farovonligini oshirish, mintaqada  barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.  

O‘zbekiston va Tojikistonning strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlash niyatini hisobga olib, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish  yaqin istiqboldagi  hamkorlikning  ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.    

Agroprosanoat kompleksi, avtomobilsozlik va yengil sanoat, transport korxonalari o‘rtasida ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish, O‘zbekiston va Tojikiston hududida ikki mamlakat  kompaniyalarini  yirik  infratuzilma  loyihalarini amalga oshirishga jalb qilish  iqtisodiy hamkorlikning muhim harakatlantiruvchi  kuchi deb qaralishi kerak.

Transport sohasi – o‘zaro manfaatli hamkorlikning  yana bir muhim  yo‘nalishidir. Shu nuqtayi nazardan, Xitoy-Tojikiston-O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Turkiya-Yevropa transport  yo‘nalishini amalga oshirish doirasida tomonlarning yaqin  hamkorligini  chuqurlashtirish  dolzarbligi ortib bormoqda. Bu Toshkent va Dushanbega Yevropa (Tojikiston-O‘zbekiston-Turkmaniston-Kaspiy), Janubiy Osiyo (Tojikiston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston) va Yaqin Sharq  (Tojikiston-O‘zbekiston-Turkmanistan-Eron-Fors ko‘rfazi) yo‘nalishlariga chiqish bilan o‘zining tranzit yo‘laklarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.  

Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning  Tojikistonga  tashrifi,  ikki tomonlama hamkorlikni  chuqurlashtirishga  yangi sur’at bag‘ishlaydi va butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni ta’minlash ishida yangi  istiqbollar ochadi, deb  ta’kidlash  mumkin.    

Jasur Rahmatov,  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi  

Manba