O'zbekiston va Italiya hamkorlikni kengaytirish uchun foydalanilmagan ulkan salohiyatga ega

Bu haqda Osiyo va Afrika O‘rtayer dengizi instituti (ISMAA) Bosh kotibi Vinchenzo Valenti “O‘zbekiston – Italiya: hamkorlikning yangi ufqlari” mavzusida bo'lib o'tgan konferensiyada ma’lum qildi.

Italiyalik mutaxassis O‘zbekiston Respublikasining jadal rivojlanish sur’atlarini yuqori baholadi. Iqtisodiyotni liberallashtirish va xususiy sektorni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonni 2030-yilgacha rivojlantirish milliy strategiyasiga xususiy tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash va ulushini oshirishga doir maqsadlarining kiritilishi kelgusida davlat taraqqiyotining barqaror sur’atlari ta’minlanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, Vinchentso Valenti O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi munosabatlarda hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligini ta’kidladi. ISMAA Bosh kotibi ikki davlat oʻrtasida tajriba va texnologiyalar almashinuvini kengaytirish, kiberxavfsizlik, logistika, tibbiyot, biznes, agrosanoat va boshqa sohalarda hamkorlikni faollashtirishni muhim deb hisoblaydi.

Xususan, Vinchenso Valenti O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha Italiya tajribasini joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Buning uchun, asosiy faoliyati kichik va oʻrta biznes subʼyektlarining manfaatlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishga qaratilgan davlat organini yaratish zarur.

Mutaxassisning fikricha, bu tadbirkorlikning ushbu segmentining raqobatbardoshlilik salohiyatini mustahkamlaydi va shu orqali milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Malumot uchun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ISMAA bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjuman joriy yilning 13 dekabr kuni Makroiqtisodiyot va mintaqaviy tadqiqotlar instituti binosida (hududida) gibrid formatda o‘tkazildi.

Italiyaning Osiyo va Afrika O'rta yer dengizi instituti 2017 yilda tashkil etilgan notijorat tahlil markazidir. Institutning maqsadi Italiya va Osiyo hamda Afrika mamlakatlari o'rtasidagi muloqotni rivojlantirish, iqtisodiyot va madaniyat, fan va tadqiqot sohalarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishdan iborat.

Institut koʻplab vazirlik va idoralar (Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Turizm vazirligi, parlament va boshqalar) bilan hamkorlik qiladi. Korxonalarni xalqarolashtirish, madaniy diplomatiya, shuningdek, madaniy va barqaror turizmni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqadi.