Magda PEDACHE: Ta’lim va madaniyat O‘zbekiston – Italiya hamkorligining muhim yo‘nalishidir

Toshkent shahrida “O‘zbekiston – Italiya: hamkorlikning yangi ufqi” mavzusida bo‘lib o‘tgan anjuman doirasida Osiyo, Afrika va O‘rta yer dengizi instituti (ISMAA) boshqaruvi a’zosi, Italiya – O‘zbekiston do‘stlik assotsiatsiyasi prezidenti o‘rinbosari, professor Magda Pedache ta’lim va madaniyat sohalarini ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida sanab o‘tdi.

Mamlakatimizning mazkur sohalarga zamonaviy innovatsion g‘oyalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatini yuqori baholar ekan, italiyalik ekspert ayni yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi. O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida madaniy meros sohasida loyihalar taqdim etish rejalashtirilganini ta’kidladi. Bundan tashqari, Toshkent politexnika universitetida biologiya-tibbiyot muhandisligi bo‘yicha innovatsion kurs tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqilayotganini aytdi.

– Madaniy-gumanitar sheriklikni kuchaytirish Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishiga xizmat qilish barobarida O‘zbekiston – Italiya aloqalarini mustahkamlashga ham hissa qo‘shishiga ishonchim komil, – dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va ISMAA hamkorligida tashkil etilgan anjuman ikki mamlakat siyosiy-diplomatik hamda ekspert-tahlil doiralari vakillarini bir joyga jamladi.

Italiya tomonidan 2011-2016 yillarda ushbu davlatning respublikamizdagi elchisi bo‘lib ishlagan Rikkardo Manara, ISMAA prezidenti Mauritsio Barnaba, ISMAA Bosh kotibi Vinchenso Valenti, elchi va ISMAA boshqaruvi a’zosi Marko Karnelos, O‘zbekiston nomidan esa Makroiqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti va “Taraqqiyot Strategiyasi” markazi vakillari ham ishtirok etdi.

Manba