SMTI direktori va MOPDMM rahbari o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi

Joriy yilning 29 fevralida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov BMT Bosh kotibining maxsus vakili – Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz (MOPDMM) rahbari Kaxa Imnadze bilan uchrashdi.

Tomonlar Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. 2024 yilda SMTI va MOPDMM o'rtasidagi keyingi hamkorlik rejalari muhokama qilindi.

Mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha fikr almashish va takliflar ishlab chiqish uchun samarali platformaga aylangan mintaqaviy ekspertlar forumi formatida muntazam o‘tkazilayotgan uchrashuvlarning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Muzokaralar yakunida mintaqaviy xavfsizlik va suv-energetika sohasida o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishdan manfaatdorlik bildirildi.